Stipendiantlarimiz bilan tanishing!
Biznes muhiti va iqtisodiy erkinlik
Dostonbek Eshpulatov

Dostonbek Eshpulatov (Phd) Oʻzbekistondagi Guliston davlat universitetining Iqtisodiyot kafedrasi dotsenti. U iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlib, ixtisosligi oʻtish davri iqtisodiyotlarida moliyaviy xulq-atvor va bozor ishtiroki masalalari hisoblanadi.
Uning Jorj Vashington universitetidagi tadqiqotlari moliyaviy xulq-atvor va qaror qabul qilishni tahlil etishning miqdoriy usullaridan foydalangan holda Oʻzbekiston fond bozorida chakana investorlar ishtirokini belgilovchi omillarga bagʻishlangan. D.Eshpulatov yaqinda “International Journal of Financial Studies” (2025) jurnalida fond bozoriga sarmoya kiritish omillari va “Sustainability” (2025) jurnalida ijtimoiy xulq-atvorning iqtisodiy omillari bo‘yicha o‘z maqolalarini chop etdi.
Uning ona tili o‘zbek tili, ingliz tilida ravon soʻzlashadi, rus tilini esa mustaqil foydalanuvchi darajasida biladi. D.Eshpulatov akademik hamkorlik va ilmiy sheriklik uchun har doim tayyor.
Taʼlim islohotlari va salohiyatni oshirish
Nozimjon Ortiqov

Nozimjon Ortiqov — isbotlarga asoslangan tadqiqotlar va siyosatning diagnostik tahlili orqali O‘zbekiston islohotlari kun tartibini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘n yildan ortiq tajribaga ega iqtisodchi va davlat siyosati tahlilchisidir. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritadi hamda makroiqtisodiy prognozlash, hududiy rivojlanish unumdorligi va diagnostikasi, kichik va o‘rta biznes siyosati, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda islohotlarni baholash kabi yo‘nalishlardagi tahliliy tashabbuslarga rahbarlik qiladi.
Nozimjon Ortiqov Tokio shahridagi Xitotsubasi universitetining Davlat iqtisodiyoti (Public Economics) (2017–2019) hamda Toshkent moliya institutining korporativ moliya va qimmatli qog‘ozlar bozori (2012–2014) mutaxassisliklari bo‘yicha magistr darajalariga ega.
Uning stipendiya loyihasi O‘zbekistonda avlodlararo ta’limiy mobillikni o‘rganish va maqsadli ta’lim islohotlari orqali hududlar kesimida teng imkoniyatlarni kengaytirish masalasiga bag‘ishlangan.
Urbanizatsiya, yoʻl harakati xavfsizligi va infratuzilmani rivojlantirish
Alouddin Komilov

Alouddin Komilov Progressiv islohotlar markazida (PIM) siyosat tahlilchisi hamda Xalqaro siyosiy rivojlanish bo‘limi rahbari lavozimlarida ishlaydi. Shuningdek, Toshkentdagi Vebster universitetida adyunkt-assistent-professor lavozimlarida ishlaydi. U London Iqtisodiyot va Siyosiy Fanlar Maktabida (LSE) magistr darajasini olgan. Shuningdek, Xitoyning Jilin universiteti hamda Janubiy Koreyaning Seul Milliy universitetida magistratura bosqichida tahsil olgan. Bakalavr darajasini esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
U O‘zbekiston va Niderlandiyaning davlat va mustaqil tahlil markazlarida, shu jumladan Yevropa xavfsizlik tadqiqotlari markazida (YXTM) tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning maqolalari “The National Interest”, “The Diplomat” kabi xalqaro nashrlarda chop etilgan.
IERES doirasidagi hozirgi tadqiqoti “O‘zbekistonda urbanizatsiya, yo‘l harakati xavfsizligi va infratuzilma islohotlari” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tez sur’atlar bilan kechayotgan urbanizatsiya jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, institutsional muvofiqlashtirishni kuchaytirish hamda infratuzilma boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
Xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish
Shoirakhon Nurdinova

Dr. Shoiraxon Nurdinova Toshkentdagi Kimyo xalqaro universiteti dotsenti sifatida faoliyat koʻrsatadi. U Anadolu Universitetidan (Turkiya) Iqtisodiyot bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. Ilmiy tadqiqotlari, asosan, Markaziy Osiyo kontekstida xulq-atvor iqtisodiyoti, migratsiya va gender masalalarini qamrab oladi.
Dr.Nurdinova O‘zbekistonda baxtiyorlik iqtisodiyoti yo‘nalishida ilk tadqiqotchilardan biri hamda o‘zbek tilidagi ilk xulq-atvor iqtisodiyoti darsligi muallifidir. Dr. Nurdinova yetakchi tahliliy markazlar va ilmiy muassasalarda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Migratsiya tadqiqotlari jamg‘armasi (Turkiya), Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti, Gender va oila instituti kabi tashkilotlarda faoliyat yuritgan. U BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Aga Khan Jamg’armasi va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar uchun qisqacha maʼlumotnomalar, yo’l xaritalari va tahliliy hisobotlar tayyorlagan.
Dr.Nurdinova xalqaro ilmiy jamiyatlar ishida faol ishtirok etadi. U OWSD (Rivojlanayotgan mamlakatlar ayol olimalari tashkiloti) Markaziy Osiyo milliy bo‘limi boshqaruv kengashi a’zosi hamda Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari jamiyatida (MYTJ) mintaqaviy hamkorlik qo‘mitasi a’zosi sifatida mintaqaviy ilmiy hamkorlik va tajriba almashinuviga hissa qo‘shib kelmoqda. U Latviya universiteti, Rotterdamdagi Erasmus universiteti va Indiana universitetida amaliyot o‘tagan va taklif etilgan lavozimlarni egallagan, shuningdek, bir qator xalqaro ilmiy jurnallarda taqrizchi sifatida faoliyat yuritadi. Uning ilmiy faoliyati tadqiqotlar va siyosat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib, migratsiya boshqaruvi, gender tenglik va O‘zbekistondagi ijtimoiy islohotlar yo‘nalishida dalillarga asoslangan tahliliy xulosalarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Demografik tendensiyalar va ularning iqtisodiy oqibatlari
Murodjon Khalikov

Murodjon Xalikov – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya siyosatini ishlab chiqish va strategik rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi. U Agentlikning bir qancha xalqaro loyihalarini muvofiqlashtirish, yangi va dolzarb strategik yo‘nalishlarni aniqlash, siyosiy tavsiyalar ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Avval u UNESKOda faoliyat koʻrsatgan va xalqaro rivojlanish va siyosat tahlili sohasida tajribaga ega. U Bishkekdagi YXHT akademiyasida siyosat va xavfsizlik bo‘yicha magistr darajasini olgan va Rimdagi Sapiyenza universitetida (Sapienza University) Yevropa tadqiqotlari (huquq va iqtisodiyot) bo‘yicha magistraturada o‘qishni davom ettirmoqda.
Murodjonning asosiy tadqiqot yo‘nalishi demografik dividend uchun investitsiya va ijtimoiy qaramlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni ijtimoiy himoya choralari va mehnat bozoridagi faol siyosat nuqtai nazaridan tahlil qilishdan iborat.
